“TINCHLIK YOSHLARI”: KATTALAR HAM BIR BOR TOMOSHA QILISHI SHART BO‘LGAN BOG‘CHA

“TINCHLIK YOSHLARI”: KATTALAR HAM BIR BOR TOMOSHA QILISHI SHART BO‘LGAN BOG‘CHA

  • 23.06.2020 - 09:02
  • Kompaniya yangilikari

Qiziltepa tumanining Xoja Hasan hududidagi Qal'ayi-Azizon mahallasida barpo etilgan “Tinchlik yoshlari” nodavlat maktabgacha ta'lim tashkiloti “Tinchlik” kompaniyasining loyihalaridan biri sanaladi. 
2019 yilda faoliyatini boshlagan mazkur bog‘chaning nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki ta'lim siati ham e'tiborni tortadi.
Kompaniya tarkibidagi “Minor millenium” MChJ rahbari Nodir Xoliqov boshchiligida 3 milliard 723 million so‘mlik loyiha asosida  qurilib, ish boshlagan MTT 120 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, har birida 26 nafardan tarbiyalanuvchini qamrab olgan 4 guruhdan iborat.

Muassasaga kirar ekansiz, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi aks ettirilgan hamda ota-onalar uchun eslatmalar qayd qilingan burchaklarga, davlatimiz ramzlari va qadimiy shaharlarimizning suratlariga ko‘zingiz tushadi. Fayeni bezatib turgan tabiiy gullar va akvarium, shiftda aks ettirilgan osmon hamda burjlar bolajonlarni tabiatni sevishga va asrab-avaylashga undashi aniq.

Har bir guruhda kondisioner, televizor, magnitli doska, kitob jovoni mavjud. Xonalarning bezatilish jarayonida har bir burchak e'tibordan chetda qolmagan. Zamonaviy ko‘rinishda ta'mirlangan shift qismini turli rangda yonuvchi chiroqlar, qo‘l mehnati bilan tayyorlangan gullar bezatib turibdi. Bundan tashqari, alohida ovqatlanish xonasi, musiqa xonasi va ingliz tili, rus tili va mental arifmetika fanlarini o‘tish uchun mo‘ljallangan xona ham mavjud.
Muassasa hovlisidagi o‘yin maydonchasi yonida atrofi quyosh nurlaridan himoyalovchi to‘r bilan o‘ralgan ayvoncha to‘rt guruh tarbiyalanuvchilari uchun mo‘ljallangan. Oyoq ostiga esa sun'iy chim to‘shalgan. Ayvoncha yonida usti va atrofi quyosh nurlaridan himoyalangan, cho‘milish uchun mo‘ljallangan sun'iy hovuz suvga to‘lgancha bolajonlarni kutmoqda.


Karantindan so‘ng yana qayta ish boshlagan bog‘cha yana bolalar kulgusiga to‘ldi.