“TINCHLIK”: SAVDO TARMOG‘IDAN YIRIK KOMPANIYA DARAJASIGA YETGAN KORXONA TARIXINI BILASIZMI?

“TINCHLIK”: SAVDO TARMOG‘IDAN YIRIK KOMPANIYA DARAJASIGA YETGAN KORXONA TARIXINI BILASIZMI?

  • 23.06.2020 - 08:46
  • Kompaniya yangilikari

Biz bugun Stiv Jobs, Mark Sukerberg, Iylon Mask, Jek Ma, Bill Geyts kabi ismlarni birgina g‘oya bilan dunyodagi iqtisodi eng yuqori kompaniyalar tashkil etgan insonlar sifatida yaxshi bilamiz. Agar ular yer kurrasining birinchi raqamli boy insonlari bo‘lishidan avval olib borgan ishlari, harakatlarini sinchkovlik bilan kuzatadigan bo‘lsak, mazkur kishilarning bosh maqsadi boyish yoki mashhur bo‘lish emas, balki  o‘ziga xos qandaydir bir yangilik yaratish, insoniyat turmushini yengillashtirish yo‘lidan borganliklarini anglaymiz.

Ana shunday  yo‘l tutgan insonlar bizning jamiyatimizda ham yo‘q emas. To‘g‘ri, ularning faoliyatini yuqoridagi dunyo ishbilarmonlari bilan solishtirib bo‘lmas, ammo salohiyatli mahalliy tadbirkorlarimizning erishgan yutuqlarini, hayot tajribasini o‘rganish baribir qiziqarli.
E'tiboringizga “Tinchlik” kompaniyasi asoschisi, oddiy savdo xodimidan yirik kompaniya rahbari darajasiga erishgan inson, navoiylik quruvchilarning ustozi Istam Xoliqov shaxsi va faoliyati, u tashkil etgan kompaniya qanday paydo bo‘lgani xususidagi ayrim haqiqatlarni bayon etamiz...
Mehnat faoliyatini 1975 yilda Qiziltepa tumani umumiy ovqatlanish birlashmasida boshlagan I.Xoliqov kamtarligi, ishchanligi, xushmuomalaligi, odamlarga mehribonligi bilan ajralib turardi. Uning bu xislatlari rahbarlarga ma'qul bo‘lganligi bois, kunlarning birida uni boshliq huzuriga chaqiradi. Qahramonimiz shubha-gumonlar miyasida charx urgan holda iymanibgina xona eshigini ohista taqillatib qiya ochdi.
– Kiravering, tortinmang, – jiddiy ohangdagi o‘ktam ovoz yangraydi. – Sizga bir taklifim bor. Uyushmamizga qarashli savdo do‘konlaridan birida ishlasangiz yaxshi bo‘lardi.

Bu I. Xoliqov hayotida yangi sahifa ochgan voqea edi, aslida. Avval savdo do‘konida sotuvchi, keyin mudir bo‘lib ishlagan ishbilarmon yigitga 1988 yildan umumiy ovqatlanish birlashmasi direktori, yana ikki yil o‘tib esa, matlubot uyushmasi raisi o‘rinbosari, rais lavozimlarida ishlash ham nasib etdi.
Respublikamiz davlat mustaqilligiga erishgandan so‘ng tadbirkorlik faoliyatini boshlagan I. Xoliqov 1995 yilda ko‘p tarmoqli “Tinchlik” ishlab chiqarish savdo konsernini tashkil qildi. Xususiylashtirish davr talabiga aylangach, 1997 yilda Qiziltepa tumanidagi parrandachilik fabrikasi, temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi konsern tarkibiga qo‘shib olindi.

Temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish zavodi o‘sha davrda inqiroz  darajasiga yetgandi. Nima qilish kerak? Agar buning oldi olinmasa, boz ustiga, chet elga ketishga shaylanayotgan mahalliy mutaxassislar ko‘paysa, oilalar ahvoli nochor bo‘lishi aniq edi. Bor imkoniyatlar ishga solinib, mahsulot turlari ko‘paytirildi. Jamoaning 70 nafar ishchisi uy-joy qurishga safarbar etildi. Ishlab chiqarilgan ortiqcha mahsulotlar qurilish tashkilotlariga  sotildi. Natija yomon bo‘lmadi: daromad ham, ishchilarning maoshi ham oshdi.
Yillar o‘tgan sayin “Minor millenium”, “Bunyodkor zamondosh”, “Navoiy event”, “Navoiytinchtekstil'”, “Binokor Qibrayservis” kabi mas'uliyati cheklangan jamiyatlar tarkib topdi. Ish ko‘lami kengaydi. 2000 yilda korxonada 140 nafar ishchi-xodim mehnat qilgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni uch barobarga ortganligi fidoyilik va matonat bilan olg‘a intilishning natijasidir.

“Mevali daraxtga tosh otadilar”, degan hikmat bor xalqimizda. Istam Xoliqov sa'y-harakatlari bilan bunyodga kelgan konsernning ildiziga o‘zi bir vaqtlar yaxshilik qilib ishga olgan ayrim kimsalar bolta urishga urindilar.
Bir kun ishdan qaytganida uni ma'yus, horg‘in tusda ko‘rgan otasi Orif Xoliqov  ohista so‘radi:
– Istamjon, nega bugun buncha xafasan, o‘g‘lim? Ishing yurishmayaptimi?
O‘g‘il sir boy bermadi, tushkunlikka berilmadi. O‘zini erkin tutishi shu joyda qo‘l keldi:
– Siz xavotirlanmang, otajon. Ish bor joyda tashvish ham bo‘ladi. Konsernimiz juda katta doirada faoliyat yuritadi. Shunga yarasha yugur-yuguri ham bor-da. Yaxshilik hammadan ham qaytavermas ekan, – deb qo‘yaqoldi.
Aslini olganda jamoaning iqtisodiy ahvoli juda yomonlashgandi. Uni qayta tiklash kerak. Istamjon ishni deyarli yana qaytadan boshladi. Inqirozga yuz tutayotgan korxonani oyoqqa turg‘azish uchun tadbirkor kecha-yu kunduz tinim bilmadi. Uning maqsadi boyib ketish emas, balki shu yerda ishlab – rizq topayotgan kishilarni bekor qolishdan xalos etish, jamiyatimiz rivojiga hissa qo‘shish uchun vijdon amriga quloq tutishdan iborat edi. Mustahkam iroda, ishbilarmonlik, tinib-tinchimaslik, tashvishlar oldida esankirab qolmaslik, o‘ylab faoliyat yuritish xislatlari unga qo‘l keldi. 
Istam Xoliqovning ildam parvoz etayotgan qanotlarini qayira olishmadi. Ancha qiyinchiliklar bilan konsernning  faoliyati  yana kuchayib, 2000 yildan boshlab temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish bilan birga qurilish-montaj yumushlari avj oldirildi. Qiziltepa tumani hamda Navoiy va Zarafshon shaharlarida ham keng ko‘lamda savdo xizmati ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Navoiy, Buxoro, Samarqand va Xorazm viloyatlarida barpo etilayotgan qurilish ob'ektlariga temir-beton mahsulotlari yetkazish konsern iqtisodiy ahvolini ancha mustahkamlashga xizmat qildi. 
Qishloq joylarda namunaviy loyihadagi uy-joylar qurilishi boshla-nishi ham faoliyatga ijobiy natijalar olib keldi. 2009 yildan e'tiboran bugungacha birgina Qiziltepa tumanining o‘zida 100 dan ziyod xuddi shunday  yashash joylari bunyod etilib, foydalanishga topshirildi. Karmana tumanida ham yuzlab oilalarga yangi xonadonlar kalitlari topshirildi. 
 Respublika hukumatining aholini barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy uy-joylar bilan ta'minlash to‘g‘risidagi qaror va ko‘rsatmalariga javoban “Tinchlik” kompaniyasi negizidagi mas'uliyati cheklangan jamiyatlar binokorlari belni yanada mahkam bog‘lab ishga kirishdilar. O‘tgan yillarda Navoiy shahrida 13 ta 5 qavatli uy-joyga 800 oila ko‘chib o‘tdi. Hozirgi vaqtda yana o‘nlab shunday binolar qurilishi qizg‘in davom etayotir. 
Bu yumushlarni amalga oshirish uchun 30 ta yuk avtomashinasi, har xil turdagi ko‘tarma kranlar va boshqa texnikalar ishlatib kelinayotir. So‘nggi bir-ikki yilning o‘zida Navoiy shahrida 15 ta, Toshkent viloyati Qibray tumanida 6 ta ko‘p qavatli turar-joy binolari hamda Navoiy viloyatida 10 dan ortiq ma'muriy binolar qurib bitkazildi va foydalanishga topshirildi.

Ishbilarmon I. Xoliqovdagi tashabbuskorlik kompaniya ahlini yangi marralar sari yetaklamoqda. Navoiy shahri markazida anjumanlar saroyi, mehmonxona va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi qurilyapti. 
Qiziltepa farzandi – fidoyi tadbirkor bilan muloqotdan shu narsa aniq bo‘ldiki, “Tinchlik” kompaniyasining xizmat doirasi keng, tashkil topgan jamoalar ahil, davlatimizning bunyodkorlik sohasiga e'tiboriga sidqidildan qilayotgan mehnatlari bilan javob berishmoqda.
Kompaniyadagi yangilig-u ma'lumotlarning cheki yo‘qday go‘yo. Tashkil topganidan buyon amalga oshirgan ibratli ishlari ro‘yxatini tuzsangiz, o‘zi bir necha kitob bo‘ladi. Axir, ular zamirida qancha mehnat, zahmat, fidoyilik mujassamligini bir ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring!
 Qiziltepa tumanida Koreya davlati texnologiyasi asosida 4 gektarli issiqxona barpo etildi. Bu ob'ekt ishga tushirilgach, 52 nafar fuqaro mehnatga band bo‘ldi. Navoiy shahrida barpo etilgan bir gektarli issiqxonada ham o‘nlab mutaxassis ishlab, el dasturxonini qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan boyityapti.
Istam Xoliqov tug‘ilib-o‘sgan go‘sha – Toshrabot qo‘rg‘oni shaxmatchilar makoni. Bu yerdan Uzoq bobo Umurov, shuningdek Karomatovlar – oilaviy sportchilar yetishib chiqib, shaxmatning ommaviyligini ta'minlashga munosib hissa qo‘shib kelishmoqda. I. Xoliqov ham bu borada tashabbuskorona faoliyat yurityapti. Uning homiyligida “Qiziltepa tongi” gazetasi sovrini uchun tuman markazidagi istirohat bog‘ida shaxmat bo‘yicha ochiq turnirlar tashkil qilinishi an'anaga aylangan. Toshrabotlik mudarris Juma Jo‘raev, savdo xodimi Norqul Qurbonov, quruvchi Yodgor Narziev, fidoyi inson Negboy Xolov hamda boshqalar xotirasiga Navoiy viloyati miqyosida o‘tkazilgan musobaqalarda minglab shaxmatchilar ishtirok etishgan.

Shuningdek, fidoyi tadbirkor ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni hamisha qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Bundan tashqari, muqaddas qadamjolar obodonchiligi uchun jon kuydirmoqda. Xususan, Qiziltepa tumanidagi “Xoja Hasan Andoqiy” jome' masjidi ham uning tashabbusi bilan ta'mirlanib, ko‘rkamlashmoqda. Lekin yutuqlardan havolanish, manmanlikka berilish holatlarini I. Xoliqovda aslo ko‘rmaysiz.
– Yangi rejalar ham bormi? – so‘radim  suhbatdoshimdan.
– Rejalar juda ko‘p. Asosiy vazifamni  ish ta'minoti deb hisoblayman, – dedi I. Xoliqov. – Chunki hozirgi siyosat, hozirgi talablardan biri shu. Eng muhimi esa intizomni mustahkamlab, qo‘nimsizlikka yo‘l qo‘ymaslik. Bugun ishga kirib, bir haftadan so‘ng juftakni rostlamoqchi bo‘lganlarga bizda o‘rin yo‘q. Tartib-intizomli, qat'iyatli, ishga munosabati ijobiy, halol-pokiza insonlarni safimizga qabul qilamiz. Buning uchun kadrlar har tomonlama o‘rganiladi. Qurilishlarimiz ko‘lami yil sayin ortmoqda. Shuning uchun 20 gektar yer maydoni olib, o‘z kompaniyamizning “Tinchlik” deb nomlanadigan sement zavodini qurmoqchimiz. Ayni paytda  bu ishga tayyorgarlik yumushlari ketyapti. 
– Qalbingizda o‘chmas iz qoldirgan voqealar haqida nima deya olasiz?
Bu savolimga I. Xoliqov bir oz tin olgach, shunday javob berdi:
– Hayotimda tashvishli, quvonchli voqealar ko‘p bo‘lgan. Chuqur iz qoldirgani padari buzrukvorim Orif Xoliqov hamda onajonim Ro‘zigul Oripovalarning tarbiyasi. Otam chorvador, onam uy bekasi bo‘lganlar. Men oliy o‘quv yurtining uchinchi bosqichida o‘qib yurgan kezlarimda otam ham ishsiz qolganlar. Har hafta kelsam 20 ta tovuq tuxumini yig‘ib ko‘yardilar va “Shuni sotib, bir kuningni ko‘rarsan” derdilar. Keyin har hafta emas, oyda bir marta uyga keladigan bo‘ldim. Ish topib, mehnat qilib kun kechirdim. O‘shanda ota-onaning farzand uchun og‘zidagi nonigacha berishga tayyor ekanligini chin dildan his qilganman. Qanchalik qiynalsalar-da, meni o‘qitganlari uchun ota-onamdan hamisha rozi bo‘lib yashayman.
Istam Xoliqov oilada g‘amxo‘r ota, nabiralarning suyukli bobosi. Ota izidan borayotgan Jo‘rabek va Nodirbeklar ham tadbirkorlik bilan shug‘ullanishyapti. Nabirasi Ozodbek shaxmat bo‘yicha respublika musobaqalari sovrindori. Buni Istam Xoliqovning kitobga, shaxmat o‘yiniga o‘chligi, adabiyotni, hayotni  juda sevishi natijasi, desak aslo xato bo‘lmaydi.

Tadbirkor doimo izlanishda, xalq manfaati uchun mehnat qilishni o‘z baxti deb hisoblaydi. Mehnatda o‘rnak ko‘rsatgan jamoadoshlarini rag‘batlantirib, ularni yangi marralarga chorlayapti.